Surxondaryo viloyatida 396 nafar jismoniy shaxsning 2 mlrd. 66 mln. so‘mlik soliq qarzdorligi hisobdan chiqarildi. Bu haqda Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Almardonov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi «Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra 2018 yilda Surxondaryo viloyatidagi 396 nafar jismoniy shaxslarning 2 mlrd. 66 mln. so‘mlik soliq qarzdorligi hisobdan chiqarildi.

Farmonga ko‘ra, 2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslar, 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun bir yillik qat’iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslar 2019 yilning 1 yanvariga qadar bo‘lgan muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hollarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, ularning mavjud bo‘lgan qat’iy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar bo‘yicha qarzdorligi, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha hisoblangan qarzdorliklari hisobdan chiqarilishi belgilangan edi.

Prezidentning 2018 yil 26 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ayrim farmonlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi farmoni 1-bandining to‘rtinchi xatboshidagi «yanvarga» so‘zi «iyulga» so‘zi bilan almashtirildi. Ya’ni qarzdorlikni hisobdan chiqarish muddati 2019 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirildi.

Mazkur o‘zgartishga muvofiq Surxondaryo viloyatidagi 1600 nafar jismoniy shaxslar tadbikorlik faoliyatini qayta tiklab, 1 mlrd. 199 mln. 470 ming so‘mlik soliq qarzdorligini hisobdan chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Yanvar oyining o‘tgan 15 kuni mobaynida viloyat bo‘yicha 8 nafar jismoniy shaxslar tadbirkorlik faoliyatini tiklab, 18.3 mln. so‘mlik soliq qarzdorliklarini hisobdan chiqardilar.