«O‘zstandart» agentligi Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF)ning to‘laqonli a’zolari hisoblangan davlatlar ro‘yxatlarini e’lon qildi. Ushbu axborot ayrim tovarlarni sertifikatlashtirmay olib kirishlari mumkin bo‘lgan tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2018 yil 12 dekabrdagi qaroriga muvofiq, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p miqdorda bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari uchun (erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bundan mustasno) 2019 yil 1 yanvardan boshlab olib kiriladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirishning soddalashtirilgan rejimi joriy etilgan.

Chunonchi, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ixtisoslashgan va qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologik uskunalar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat xom ashyo, materiallar va buyumlar O‘zbekiston hududiga olib kirilayotganda majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilingan.

Olib kirilayotgan tovar uchun ILAC va IAF’ning to‘laqonli a’zolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinov bayonnomalari taqdim etilgan taqdirda ushbu qoida amal qiladi.