O‘zbekistonda 1 martdan xorijiy davlatlarda berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilishning yangi tartiblari joriy etiladi. Bu prezidentning 16 yanvardagi ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida o‘z aksini topgan.

Fuqarolarning quyidagi toifalari uchun tan olish va nostrifikatsiya jarayonlari maxsus sinovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan ro‘yxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning;
  • tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan fuqarolarning;
  • 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan fuqarolarning;
  • Oliy ta’limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Higher Education) to‘laqonli a’zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning, ro‘yxati O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
  • Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning, ro‘yxati O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
  • xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan ta’lim olgan fuqarolarning.

Endilikda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘risidagi arizalarni faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.