Qoraqalpog‘iston Republikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, Mo‘ynoq tumani barcha zaruriy infratuzilmaga, jumladan, innovatsion maktab, sport ob’ektlari, davolash-profilaktika muassasalari, zamonaviy aeroport, mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar dam olish markazlari, «selfi ob’ekt"lari, optik tolali internet tarmog‘i, IP-televideniyega ega bo‘lgan zamonaviy shaharchaga aylantiriladi.

Qaror bilan 2019−2021 yillarda Mo‘ynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dastur, shuningdek sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2024 yil 1 yanvarga qadar tumanda davlat ro‘yxatidan o‘tib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar quyidagilardan ozod etiladi:

yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovlaridan;

chetdan keltiriladigan qurilish materiallari bojxona to‘lovlaridan;

chetdan keltiriladigan asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlaridan.

Shuningdek, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga olib kirilayotgan transport vositalaridan boj to‘lovlarini to‘lamasdan foydalanish huquqi berildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tumanning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha tayyorlangan reklama mahsulotlarini O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda namoyish etish bepul amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, tuman hokimiga 2022 yil 1 yanvargacha auksion o‘tkazmasdan, investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali yer uchastkalaridan vaqtincha foydalanish huquqini 50 yil muddatga «nol» xarid qiymatida sotish huquqi berildi.

Bundan tashqari, Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Qaror bilan tasdiqlangan dasturga ko‘ra, 2019−2020 yillarda jami 160 o‘rinli 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 200 o‘rinli 8 ta oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 315 o‘quvchiga mo‘ljallangan va dasturlashni chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan innovatsion maktab, kamida 2 ming o‘rinli amfiteatr, yangi 42 ta ko‘p kvartirali uylar qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan manzilli ro‘yxatga asosan sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami 75 ta istiqbolli investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi belgilangan.