2019 yilning 24 mart kuni O‘zbekiston poytaxtida I Toshkent xalqaro marafoni tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan ayni paytda Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi (IAAF) vakillari Toshkentda bo‘lib turishibdi. Ishchi guruh tomonidan xalqaro marafon trassasini o‘lchash jarayonlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, xalqaro marafon tashkil qilish uchun yugurish trassasining dengiz sathidan balandligi, masofa, yo‘l tekisligi va boshqa standartlar hisobga olinadi. Ana shu jihatlar to‘g‘ri kelgan taqdirda Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi tomonidan mazkur trassaga marafon o‘tkazish huquqini beruvchi sertifikat taqdim etiladi.

Toshkent mezbonlik qiladigan marafon 21 095 metr masofa bo‘yicha tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda. Qayd etish lozimki, bunday darajadagi xalqaro marafon O‘zbekistonda ilk marotaba bo‘lib o‘tadi.