17 yanvar kuni Buxoro shahridagi 4-son nemis tili faniga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga nemis shoiri, faylasufi, san’atshunos va dramaturg, tarix fanlari professori hamda harbiy shifokor Iogann Kristof Fridrix fon Shiller nomi berildi.Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Boboxo‘jayev, O‘zbekistondagi Gyote Instituti filiali rahbari o‘rinbosari Dildora Muhamadaminova ishtirok etdi.

Ta’lim muassasasida tashkil etilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 20−22 yanvar kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi arafasida maktabga bunday nom berilishi davlatlarimiz o‘rtasida ilm-fan, ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Fridrix Shillerning hayot yo‘li haqida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar ta’lim muassasasida olib borilayotgan ta’lim va tarbiya jarayoni bilan bilan yaqindan tanishishdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi arafasida Toshkent va Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablariga nemis faylasuflari nomi berilgan edi.