2018 yil mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 403344 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga. Shunda da’vogarlar foydasiga 12,6 trln so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni 2017 yilga nisbatan 16 foizga oshgan.

O‘tgan davrda eng ko‘p ishlar Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta’sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya’ni 264087 tasi bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 3195 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 1,9 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 42478 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 1 trln so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, kredit, oldi-sotdi va haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 368 ta shikoyat va protest ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 224 ta qaror bekor qilindi va 66 ta sud qarori o‘zgartirildi.