So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda jinoyatchilik darajasining keskin pasaygani — prezident Shavkat Mirziyoyev siyosati natijasidir. Bu haqda Toshkent IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilda Toshkentdagi 9 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa, 2018 yilda bu raqam 70 taga yetdi. Talonchiliklar soni 51 foizga (245 tadan 120 taga), bosqinchilik — 53 foizga (136−64), o‘g‘irlik — 52 foizga (1969 − 947), firibgarlik — 46,5 foizga (2420 − 1296) kamaygan (respublika bo‘yicha statistika).

«Hisob-kitob metodikasini o‘zgartirmadik, hammasi avvalgidek. Tan olish kerak, jinoyatchilikning 50 foizga kamayishi — so‘nggi ikki yilda prezident olib borgan siyosat natijasi. Bu kompleks ish, bu faqatgina ichki ishlar organlari xizmati emas. Bu ish bilan ta’minlash, ijtimoiy masalalarning hal etilishidir. Jinoyatlarni eng ko‘p ishsizlar sodir etadi», — dedi Rustam Jo‘rayev.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Toshkentda viloyatlardan kelgan fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni ham kamayganini qayd etib o‘tdi. «Har yili Toshkentda sodir etilgan jinoyatlarning 25−30 foizini poytaxtliklar emas, balki Toshkentga kelgan viloyatliklar sodir etar edi. Ushbu shaxslar o‘rtasidagi jinoyatchilik darajasi taxminan 30 foizga kamaydi. Bu hududlarda ham vaziyat o‘zgarayotganidan dalolat beradi», — dedi u.

IIBB rahbari erishilgan natijalarni «mo‘’jiza» deb atadi. «Buni mo‘’jiza, fenomen deb atash mumkin. Prezident siyosati sharofati bilan erishilgan muvaffaqiyatlarni ilmiy nuqtai nazardan o‘rganish kerak. Ikki yil ichida bunday natijalarga qanday erishdik? Ha, jinoyatchilik kamaydi. Biroq endi 50 foizni kutmaslik kerak, hozirda biz har bir jinoyatga qarshi kurash va asta-sekinlik bilan 1−2 foizga kamaytirish uchun kurash olib bormoqdamiz», — deya ta’kidladi u.

Agarda firibgarlik holatlariga nazar tashlasak, 60−70 foiz holat qarindoshlar va tanishlar o‘rtasidagi oldi-sotdi bilan bog‘liq. «Notanishlar ulushi juda kichik. Shuning uchun biz fuqarolarimizga juda ham sodda bo‘lmaslik, tilxat olish, kelishuvlarni notarial tasdiqlatishni tushuntirayapmiz», — dedi IIBB boshlig‘i.

10 ta radar = 42 mlrd so‘m

O‘tgan yili poytaxt ko‘chalarida to‘rtta mobil va oltita statsionar radar, shuningdek qoidabuzarliklar tasvirlarini yuborish uchun ishga tushirilgan Telegram-bot hisobiga 142 mingdan ortiq yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilib, 42 mlrd so‘mga yaqin qiymatdagi ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

YHQ buzilishlari uchun jarimalarni to‘lashning billing tizimi ishga tushirilganidan so‘ng Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi YPX inspektorlari haydovchilik guvohnomalarini olib qo‘yishi bilan bog‘liq moddalar sonini 40 tadan 14 taga (ro‘yxat) kamaytirish imkoni paydo bo‘ldi. mazkur tizim joriy etilganidan ikki oy ichida 71,7 ming haydovchining haydovchilik guvohnomalarini olib qo‘yishga hojat qolmadi. Buning o‘rniga ular SMS yoki pochta orqali jarima qo‘llanilgani haqida ogohlantirish oldi.

Shaxsiy tarkibning optimallashtirilgani

IIBB boshlig‘i avtomobil yoqilg‘isi bilan bog‘liq muammolar sababli avvallari hodisa joyiga faqat bitta tuman IIBdan tezkor-qidiruv guruhi yetib bora olganini xotirladi. Bundan tashqari, patrul-post xizmati shahar ko‘chalarida avtomobillarda faol patrullik qila olmas edi.

«Tan olish kerak, avvallari yoqilg‘i muammosi bor edi. Prezident tashrifi vaqtida unga bu muammo haqida so‘zlagan edik, u mazkur muammoni hal qilib berdi. Hozirda huquqni muhofaza qilish xizmatlari avtomobillari muammolarsiz harakatlanmoqda, ular avvalgidek benzin datchigiga qarab o‘tirmaydi. Avvallari hodisa joyiga faqat bir tuman IIBdan tezkor-qidiruv guruhi yetib borgan bo‘lsa, hozirda 73 ta [shahar ichki ishlar bo‘limining] navbatchilik qismlari, Milliy gvardiya bilan hamkorlikdagi PPX avtoekipajlari mavjud. Bundan tashqari, tuman IIB avtomobillari, shuningdek Qo‘riqlash boshqarmasi avtomobillari ham bor. Hodisa joyiga yetib borish vaqti 5−7 daqiqagacha qisqardi», — dedi u.

IIBBda shahar ichki ishlar bo‘limlari tashkil etilganidan so‘ng shaxsiy tarkibning 35 foizigina qoldi, qolgan qismlar esa quyi bo‘limlarga berildi. Hozirda optimallashtirish ishlari olib borilmoqda — 86 foiz tarkib shahar bo‘limlarida, 14 foizi esa IIBBda ishlaydi.

«Asosan rejalashtirish va tahlil bo‘limlari qoladi, qolgan xodimlar „pastga“ tushiriladi. Sodda qilib aytganda, bunday bo‘limlar mini-IIBBlarga aylantiriladi», — deya ta’kidladi u.

Yangiliklar

Shayxontohur, Olmazor va Yunusobod tumanlarida sinov tariqasida ayollar masalalari bo‘yicha katta inspektor va psixolog lavozimlari ta’sis etilmoqda.

IIBBda Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi ham paydo bo‘ladi. Avvalroq Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari IIBlarida ham shunday boshqarmalar tashkil etilgan edi.

Toshkent va Toshkent viloyatida ichki ishlar organlari xodimlari, asosan profilaktika inspektorlarini tayyorlash uchun Toshkent davlat yuridik universiteti filiallari tashkil etiladi.

IIBB bo‘linmalari 150 ta motoroller, 73 ta videokuzatuv va intellektual kameralar bilan ta’minlangan «aqlli» Isuzu avtobusi, 73 ta Damas va 73 ta Nexia avtomobillari bilan ta’minlandi.

Yaqinda prezident Toshkent IIBB va Milliy gvardiyaga to‘rtta patrul vertolyoti ajratishni topshirdi.

«Vertolyotlar bo‘yicha. Hozirda normativ hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. Vertolyotlar, bu — juda murakkab mexanizm. Xizmat ko‘rsatish, dislokatsiya joyi, uchish va qo‘nish joylari, zaxira vertolyot maydonlari — bu masalalarning barchasi tegishli qarorlar darajasida hal etiladi, buning uchun bir oz vaqt kerak», — dedi Rustam Jo‘rayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda barcha rivojlangan mamlakatlar poytaxtlarida vertolyotlar mavjud. «Ular politsiya va ixtisoslashgan tibbiy vertolyotlardir. Bu ham mamlakat obro‘siga ijobiy ta’sir qiladi», — dedi IIBB boshlig‘i.

2018 yilda «102» xizmatiga 189657 ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan bo‘lib, ularning 9105 tasi xato (jimlik, aloqaning uzilishi, noto‘g‘ri raqam terish) sifatida qayd etilgan, 158796 tasi esa tegishli tashkilotlarga yetkazilgan, deya xabar qildi Rustam Jo‘rayev.