15 yanvar kuni Yunusobod tumani 12-mavzeda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining to‘rtinchi bosqich talabasi jasadi arqonga osilgan holatda topildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

23 yoshli Sh. M. 7:50 da piyodalar yo‘lagidagi daraxt ustuniga o‘zini osgan. Voqea joyiga yetib kelgan tezkor-tergov guruhi xodimlari tomonidan murda ko‘zdan kechirilganda, uning tanasida biror-bir tashqi tan jarohati izlari topilmagan.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, Sh. M.ning o‘limi «bo‘yin a’zolarini sirtmoq bilan siqilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya. Bo‘ynida strangulyatsion egat» natijasida yuzaga kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Yunusobod tuman prokuraturasida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruvning borishi Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.

Universitet talabalaridan birining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Sh. M. «Xalqaro munosabatlar» fakultetida tahsil olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 14 yanvar kuni kechqurun u qarindoshlari bilan uchrashishini aytib, JIDU talabalar yotoqxonasini tark etgan.