Davlat rahbarining 2019 yil 15 yanvar kuni qabul qilingan «Sud ekspertiza faoliyatini yanada takomilashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra:

Nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari tashkil etiladi. Ularga sud ekspertizalarining ayrim turlarini o‘tkazish huquqi berildi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini to‘lov asosida o‘qiydi, o‘quv kursini tamomlagach tegishli ixtisoslik bo‘yicha qo‘yiladigan, ularning kasbiy layoqatini va ixtisoslik talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sud eksperti sertifikatiga ega bo‘ladi.

Sud eksperti sertifikatini olgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida Qonunchilikda belgilangan tartibda sud eksperti sertifikatini olmagan ekspertlarga ekspertizasi tadqiqotini o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muaassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, huquqga ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgarlik yuklatiladi.

Nodavlat ekspertiza tashkilotining ekspertiza xulosasidan norozi bo‘lganlar, qayta sud ekspertizasini o‘tkazish uchun davlat sud-ekspertiza muassasasiga murojaat qilishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining reytingi yuritiladi.

Ushbu prezident qarori bilan Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berildi:

Adliya vazirligi va markazga pullik xizmatlar ko‘rsatishdan kelib tushadigan va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan yangi tarkibiy bo‘limlar tashkil etish va ko‘shimcha shtatlar joriy qilish;

Markaz tomonidan bajariladigan ishlar, xizmatlar bo‘yicha tariflar, narxlar va narx-navolarni mustaqil belgilash.

Qaror bilan, markaz xodimlarining lavozim maoshlari bir yarim barobarga oshirildi.

Ko‘rsatilgan pullik xizmatlardan kelib tushadigan mablag‘larning 50 foizigacha bo‘lgan qismi ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, markazning tegishli bo‘lim va laboratoriyalariga Fanlar Akademiyasining ilmiy-tekshirish muassasalari va oliy ta’lim muassasalari biriktirildi.

Endilikda, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organ xodimlari sud ekspertining mustaqillik prinsipiga so‘zsiz rioya qilishlari hamda har qanday ko‘rinishlarda sud ekspertlarining professional faoliyatiga to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlat sud ekspertlarining ish sharoitlari yanada yaxshilanadi, ekspertiza xulosalari qisqa muddatlarda chiqariladi, ushbu jarayonlarga innovatsiyalar joriy etilib, ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda shaffoflik ta’minlanadi.