2019 yil 11 yanvar kuni akademik litsey va kasb-hunar kollejlari boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlari tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Endi har bir litsey va kollejda direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va bosh buxgalter bo‘ladi. Ilgari direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi o‘quvchilar soni 300 nafar va undan kam bo‘lganda doimiy asosda joriy etilmas edi. Bosh buxgalterning doimiy pozitsiyasi esa o‘quvchilar soni 150 nafardan oshmasa mavjud bo‘lmas edi.

Chet tili chuqurlashtirilib o‘qitiladigan akademik litseylarda direktor o‘rinbosari ilgarigidek 0,5 stavka bo‘yicha emas, balki «to‘liq» stavka bo‘yicha ishlaydi.

Bo‘lim mudirlari lavozimini kiritish uchun me’yor 150 nafar o‘quvchiga 1 birlikdan 100 nafar o‘quvchiga 1 birlikkacha kamaytirildi.

Psixologlar ko‘proq bo‘ladi. Ularning soni o‘quvchilar soniga ham bog‘liq bo‘ladi:

250 nafargacha — 1 birlik;

250 nafardan 800 nafargacha — 1,5 birlik;

800 nafardan 1600 nafargacha — 2 birlik;

1600 nafardan 3000 nafargacha — 2,5 birlik;

3000 nafar va undan ortiq bo‘lsa — 3 birlik.

Shuningdek, har bir kollej va litsey o‘quvchilar sonidan qat’i nazar axborot-kutubxona texnologiyasi bo‘yicha yetakchi mutaxassis, o‘quv bo‘limi uslubchisi, kadrlar bo‘yicha inspektor, komendant va omborchi lavozimlariga ega bo‘ladi (pozitsiyaga bog‘liq holda 0,5 va 1 birlik).

Xo‘jalik mudirlari (direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritilishi munosabati bilan), shuningdek axborot-resurs markazlari 1-toifali muhandis-dasturchilari qisqartirishga tushdi.