Ayni kunlarda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov rahbarligidagi Andijon viloyat delegatsiyasi Hindiston davlatida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Viloyat delegatsiyasining Hindistondagi safari doirasida Sharda universiteti bilan hamkorlik memorandiumi imzolandi. Unga ko‘ra, Andijonda ushbu universitetning filialini tashkil etish uchun 100 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritiladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Bir necha oy avval Hindistonning Dehli shahrida joylashgan Sharda universiteti prezidenti, professor Pradip Kumar Gupta rahbarligidagi hindistonlik mutaxassislar Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib, har ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida qo‘shma klinika hamda Andijonda Sharda universitetining filialini tashkil etishga kelishilgan edi.

Sharda universiteti Hindistondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda universitetda dunyoning 60 yaqin mamlakatidan 20 ming nafardan ziyod talaba tibbiyot, san’atshunoslik, muhandislik, qurilish va arxitektura, menejment va boshqaruv singari qator yo‘nalishlarda tahsil oladi.