Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishda qog‘oz va elektron formatdagi hujjatlarning barobar taqdim etilishi ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda tekshirish uchun zarur. Bu haqda seshanba kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi (DPM) rahbari Najmiddin To‘raxo‘jayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijga chiqish pasportini berish tizimi hozircha «sozlash» rejimida ishlamoqda. Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish ishlari yanvardan boshlandi.

Tizimning sinov rejimida ishlashi «noto‘g‘ri» pasport berilishi mumkinligini anglatmaydi. «Barchasi xalqaro talablarga mos keladi. Ma’lumotlarni yig‘ish bilan bog‘liq ma’lumotlarni qayta ishlash jarayoni mavjud», — dedi u.

Najmiddin To‘raxo‘jayev ma’lumotlarni yig‘ish punktlarida ham biometrik ma’lumotlar olinishi, jumladan elektron fotosuratga olinishi, ham qog‘oz ko‘rinishidagi ma’lumotlarni qabul qilinishini tan oldi.

«Vaqt o‘tishi bilan qog‘oz ishlaridan voz kechamiz… Sino davrida biz bu ma’lumotlarni qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish mexanizmini saqlab qoldik», — dedi u.

DPM rahbari so‘zlariga ko‘ra, sinov davri ikki-uch oy davom etadi. Biroq qog‘ozbozlikdan faqatgina normativ-huquqiy baza yangilanganidan keyin voz kechish mumkin. To‘liq elektron formatga o‘tishning aniq muddatlari aytilmadi, biroq bu yaqin kelajakda bo‘lishiga ishonch bildirildi.

«Elektron formatga to‘liq o‘tilganidan so‘ng fuqaro biografik ma’lumotlarni o‘z uyida rasmiylashtirib, ma’lumotlar yig‘ish punktlarida faqatgina barmoq izi topshirib, fotosuratga tushish uchun keladi», — dedi u.