Adliya vazirligida Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik ta’sirini kuchaytirish, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda ta’lim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir ta’lim muassasasida ryengash tashkil etiladi.

Ta’lim muassasasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan ta’lim muassasasi rahbarini saylash kengashning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Ta’lim muassasasi direktori yoki uning o‘rinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari kengash a’zolari sifatida saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ta’lim muassasasi rahbari kengash ishini tashkil qilish uchun mas’ul hisoblanadi

Kengash yig‘ilishlari o‘tkazilganligi haqida bayonnomalar yig‘ilish o‘tkazilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay tegishlicha Xalq ta’limi vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalariga taqdim etilishi lozim.

Kengash faoliyatiga tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi aralashmaydi va unga hisobdor emas.

Kengash quyidagi vakolatlarga ega:

Ta’lim muassasasi direktori lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlarning mehnat faoliyati, xulq-atvori, tajribasi, tashabbuskorligi hamda jamoadagi obro‘sini o‘rganadi va tavsiya etilgan nomzodlar orasidan eng munosib nomzodni ochiq ovoz berish yo‘li bilan direktor lavozimiga saylaydi;

Kengash a’zolari tomonidan nomzodga qarshi ovoz berilgan taqdirda, uni direktorlik lavozimiga tayinlashni rad etish haqida nomzodni tavsiya etgan Xalq ta’limi vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga ma’lum qiladi;

ta’lim muassasasi direktori va direktor o‘rinbosarlarining boshqaruv faoliyati, ta’lim-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etilishi hamda o‘quvchilar, ularning ota-onalaridan noqonuniy pul yig‘imlari undirilmasligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi.

Kengash faoliyatiga ta’lim muassasasi rahbari, hududiy boshqarmalar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlar aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.