O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Andijon-farm» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, «Andijon-farm» erkin iqtisodiy zonasi O‘zbekistonda yuqori texnologiyali farmatsevtika korxonalarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga investitsiyalarni, eng avvalo, Hindiston Respublikasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ichki bozorni o‘zimizda, shu jumladan mahalliy dorivor o‘simliklar xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan to‘ldirish, shuningdek, Andijon viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish asosida yangi ish o‘rinlarini yaratish va respublikamiz aholisi daromadlarini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.

«Andijon-farm» EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

— yuqori qo‘shilgan qiymatli, shu jumladan «in-bulk» shaklida farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish uchun eng avvalo Hindiston Respublikasi yetakchi kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb etish;

— dorivor o‘simliklar xom ashyosini qayta ishlash va tayyor dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiy texnikalar, yordamchi va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zamonaviy ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etish;

— dorivor o‘simliklar xom ashyosini o‘ziga xos tabiiy sharoitlarda yetishtirish va keyinchalik qayta ishlash borasida Andijon viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;

— erkin iqtisodiy zonalar tashkilotlari hamda respublikamizning boshqa korxonalari o‘rtasida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali mahalliy dorivor o‘simliklar xom ashyosi va materiallari negizida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

— «Andijon-farm» EIZ hududida muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek uning hududida sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;

— «Andijon-farm» EIZning soha kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan ularning «Andijon-farm» EIZ hududida joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashini tashkil etish orqali tayyorlashda qatnashish.

«Andijon-farm» EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qilinishi belgilandi.