2010 yil martida tugatilgan «Alp Jamol» banki kuzatuv kengashining sobiq raisi Muhiddin Asomiddinovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 184 (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va boshqa moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Muhiddin Asomiddinovning qidiruvdaligi sababli to‘xtatilgan edi. Uning ko‘ngilli ravishda qaytishi va tergovga jalb etilishi munosabati bilan jinoyat ishi tiklandi.

«Ayblanuvchining sodir etgan qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplagani va tergov bilan faol hamkorlik qilayotgan nuqtai nazaridan unga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatga o‘zgartirildi», — deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

«Alp Jamol» banki 1998 yil martida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi eng birinchi xususiy banklardan biri edi. 2010 yil martida Markaziy bank bank qonunchiligini buzishda ayblab, uning bank operatsiyalarini olib borish bo‘yicha litsenziyasini qaytarib olgan.

2010 yil 1 yanvar holatida bank aktivlari 118,6 mlrd so‘mni, mijozlar soni esa 155,78 ming yuridik shaxsni tashkil etgan. Bank Toshkentdan tashqari, Toshkent, Qashqadaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarida ham faoliyat olib borgan.