8−13 yanvar kunlari Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi mutasaddilari, yosh velosportchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa davomida O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari 7 ta medal (1 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza) qo‘lga kiritishdi. Ushbu muvaffaqiyat sportchilarimizga Tokio 2020 Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etdi.