O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan «Jo‘shqinGujarat — 2019» IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etish uchun 17−18 yanvar kunlari ushbu mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘ladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev sammit yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi, shuningdek, O‘zbekiston — Hindiston hamkorligi, xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalarini muhokama qilish uchun Bosh vazir Narendra Modi bilan muzokara o‘tkazadi.

Bosh vazir Narendra Modi tashabbusi bilan 2003 yildan buyon Gandinagar shahrida o‘tkazib kelinayotgan «Jo‘shqin Gujarat» sammiti mintaqadagi eng yirik xalqaro forum hisoblanadi. Unda davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, xalqaro tashkilot va transmilliy korporatsiyalar rahbarlari, yetakchi tahlilchilar, ekspertlar ishtirok etadi.

An’anaga ko‘ra, global iqtisodiyotni rivojlantirish, savdo sohasidagi sheriklikni kengaytirish, investitsiyalar jalb qilish, ilg‘or texnologiyalar va bilimlar almashishga doir dolzarb masalalar forum ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ladi.

Prezidenti 20−22 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan Germaniyada bo‘ladi.

Berlinda federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer, federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar o‘tkaziladi.

Kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar, fan-ta’lim va turizm sohalaridagi aloqalarni faollashtirish kabi masalalar o‘rin olgan.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Myunxen shahrida O‘zbekiston Prezidentining Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder, shuningdek, Germaniyaning yetakchi ishbilarmon va moliyaviy doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, moliya, investitsiya, innovatsiya, ilm-fan, texnika, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikka oid ikki tomonlama qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.