«Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi;

Kapital bozorni rivojlantirish agentligi;

Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi.

Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi Savdo-sanoat palatasiga berildi.

Tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasining quyidagi funksiyalari:

bo‘sh turgan ob’ektlarning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish funksiyasi — Davlat soliq qo‘mitasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga;

bo‘sh turgan ob’ektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklashga qaratilgan investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo komissiyalarning ishchi organi sifatidagi funksiyasi — Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga o‘tkazildi.

Farmonga muvofiq, davlat ulushlarini bosqichma-bosqich qisqartirish, samarali va shaffof xususiylashtirishni ta’minlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi etib belgilandi.

davlat aktivlarini samarali boshqarish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish — Davlat aktivlarini boshqarish agentligining;

tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish — Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining;

qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, tartibga solish va korporativ boshqaruv sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish — Kapital bozorni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari hisoblanadi.