Toshkentdagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda o‘qitish bo‘yicha 60-sonli ixtisoslashgan maktabga nemis shoiri va mutafakkiri Iogann Volfgang fon Gyote nomi berildi, deya xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Kristofer Fuks, Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Buxoro shahridagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda o‘qitishga ixtisoslashgan umumta’lim maktablariga I.V.Gyote, Y.Shiller i V.Fon Gumbolt nomlari beriladi.

«Shubhasiz, bu tashabbus O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida madaniy va gumanitar sohasida aloqalarni mustahkamlashga va O‘zbekistonda nemis tilini ommaviylashtirishga qaratilgan», — dedi vazir.

Marosim O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21−23 yanvar kunlari Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi.

2017−2018 o‘quv yiliga nisbatan 2018−2019 o‘quv yilida nemis tili o‘qitiladigan maktablar soni 54 taga (jami 1677 maktab), nemis tilini chuqurlashtirgan holda o‘qitish bo‘yicha ixtisoslashgan maktablar soni 4 tadan 9 taga oshdi.

Nemis tili o‘quvchi sinflar soni 14081 dan 14 525 taga (farq 444), nemis tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar soni 340560 dan 355064 nafarga ko‘paydi (farq 14504).

Bugungi kunda O‘zbekistonda 1677 maktabda (2017−2018 o‘quv yiliga nisbatan 54 maktab ko‘p) 355 mingdan ziyod o‘quvchilar nemis tilini o‘rganmoqda. O‘rta ta’lim maktablarida 3 ming nafar nemis tili o‘qituvchilari faoliyat yuritmoqda. To‘qqiz maktabda nemis tili chuqurlashtirgan holda o‘qitiladi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi Gyote Institutining Toshkent filiali va Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi bilan «Maktablar: kelajak hamkorlari» loyihasi doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida nemis tilini o‘qitishni rivojlantirish va takomillashtirish uchun hamkorlik qilmoqda.

Hozirgi kunda Gyote instituti olti maktabga (Toshkent shahrida 112-sonli, Urganch shahridagi 19-sonli, Xiva shahridagi 9-sonli, Buxoro shahridagi 4-sonli va Andijon shahridagi 23- va 4-sonli maktablar) nemis tilini chuqur o‘rganishda yoki ularni fan sifatida joriy etishda ko‘mak bermoqda.

Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi va olti umumiy o‘rta ta’lim (Toshkent shahrida 60- va 107-sonli, Samarqand shahridagi 51-sonli, Buxoro shahridagi 4-sonli va Marg‘ilon shahridagi 6-sonli va Farg‘ona shahridagi 10-sonli) maktablar o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Germaniyalik hamkorlar maktablarda nemis tilini o‘qitish va o‘qituvchilarning malakasini oshirish uchun qo‘l keladigan zamonaviy multimedia o‘quv qo‘llanmalari va texnik tomondan ko‘mak berib kelmoqda.

2018 yil davomida Germaniyada tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida 17 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi. Hozirda ular nemis tilini o‘qitish bo‘yicha maktablarda pedagogik faoliyat yuritmoqda.

Har yili hamkor maktablarning nemis tili o‘qituvchilari uchun turli seminar va treninglar tashkil etilmoqda. Hamkor maktablarning nemis tili o‘qituvchilari Germaniyada malaka oshirish kurslari va seminarlarda ishtirok etish uchun stipendiyalar olmoqda.