Toshkent shahar hokimining tegishli qaroriga muvofiq, Toshkent shahridan o‘tadigan kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha 2019 yilga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, magistral kanallarga tutash hududlarda zamonaviy landshaft me’morchiliklarini qo‘llagan holda tematik xiyobonlar shuningdek, amfiteatrlar va aholi dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida madaniy ko‘ngilochar maskanlar ochish belgilangan.

Xususan, turistlar uchun shaharning jozibadorligini oshirish maqsadida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, jumladan sport va sog‘lomlashtirish (baydarka va kanoeda eshkak eshish, yugurish va velosiped yo‘laklari) maskanlari hamda yengil konstruksiyadagi umumiy ovqatlanish maskanlari, «Wi-Fi» hududlar va musiqali favvoralar barpo etiladi.
Shu bilan birga, kanallarga tutash hududlarda «Book cafye» «Open air» kinoteatrlari, «Ekstremal sport turlari», «Sun’iy plyaj» loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, «Bo‘zsuv» kanalining Chilonzor tumanidan o‘tgan qismida 800 metr masofada investorlar hisobidan «Gandola» qayiqlarida sayr qilish maskanlari ham tashkil etiladi.