Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekistonga olib kirilgan va mamlakatda ishlab chiqarilgan mobil uskunalarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Bu ushbu nizomning ikkinchi loyihasidir. Birinchi marta u dekabrda e’lon qilingan, biroq keyin o‘chirib tashlangan edi (unda, jumladan jismoniy shaxs olti oy ichida faqat bitta uskunani ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligi qayd etilgan edi, yangi loyihada ushbu talab yo‘q).

Eslatib o‘tamiz, mobil uskunalarni IMEI-kod orqali ro‘yxatga olishni joriy etish oktyabrda e’lon qilingan hukumat qarorida o‘z aksini topgan edi. Qarorda qayd etilishicha, bu mobil uskunalar egalari huquqlarini himoya qilish, qurilmalardan noqonuniy foydalanishga qarshi kurash va sifatsiz apparatlarni sotishga barham berish uchun zarur. ro‘yxatga olish tizimining 1 apreldan ishga tushishi rejalashtirilgan.

Taklif etilayotgan tartiblarga ko‘ra, mobil qurilmalarni (mobil aloqa moduliga ega mobil telefonlari va qurilmalari) ro‘yxatga olish ularni sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun O‘zbekiston hududiga olib kirgan va ularni ishlab chiqargan shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.

Hujjatda hozirda foydalanilayotgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish shartligi to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston hududida roumingda bo‘lgan qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yo‘q.

Loyihada IMEI-kodlari registratorlar (yuridik shaxslar yoki yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar) tomonidan ro‘yxatga olinishi, ro‘yxatga olish tizimi esa tizim operatorlari tomonidan nazorat qilinishi ko‘zda tutilgan.

Tizim operatori registratorlar (1), mobil aloqa operatorlari (2), qurilmani olib kirgan importyor (3), ishlab chiqaruvchi (4) hamda jismoniy shaxslar (5) taqdim etgan ma’lumotlar asosida mobil qurilmalar IMEI ma’lumotlari bazasini shakllantiradi.

IMEI ma’lumotlar bazasi mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish huquqiga ko‘ra turli ro‘yxatdan tarkib topadi:

  • IMEI oq ro‘yxati (ro‘yxatga olingan qurilmalar, cheklovlarsiz aloqa);
  • Qora ro‘yxat (ro‘yxatga olinmagan uskunalar, mobil aloqa xizmatlari cheklangan — oq ro‘yxat bilan aloqada bo‘lgan IMEI`dan tashqari);
  • Kulrang ro‘yxat (mobil operatori tarmog‘ida ro‘yxatga o‘tganidan 30 kungacha mobil aloqa xizmatlaridan foydalani (o‘tish davri), so‘ngra IMEI qora yoki oq ro‘yxatga kiritiladi);
  • Oq ro‘yxat bilan bog‘langan (o‘zgartirilgan IMEI, takroriy IMEI yoki IMEI`siz (1), O‘zbekistondan tashqarida norezidentlar sotib olgan, mahalliy operatorga vaqtinchalik ulangan (2), operatorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sinov uchun foydalanilayotgan (3) mobil uskunalar — mazkur uskunalar IMEI-kodlari bir vaqtning o‘zida qora ro‘yxatda bo‘ladi).

Importyor IMEI`ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tizim operatoriga olib kirilayotgan barcha uskunalarning IMEI ro‘yxatlarini bojxona jarayonlaridan o‘tkazilganini va har bir olib kirilgan uskuna uchun to‘lov (25 ming so‘m) amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchi faqatgina ishlab chiqarilgan uskunalar IMEI-kodlari ro‘yxatini taqdim etadi va to‘lovni (20 ming so‘m) amalga oshiradi.

IMEI-kodlari GSM Xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan belgilanmagan, o‘zgartirilgan IMEI yoki takroriy IMEI`ga ega uskunalar tizim operatori tomonidan ro‘yxatga olinmaydi.

IMEI ro‘yxati uch ish kunida ro‘yxatga olinadi va 24 soat davomida mobil aloqa operatoriga taqdim etiladi. Uskuna registratsiya qilinganidan so‘ng mobil aloqa operatori abonenti importyordan yoki mahalliy ishlab chiqaruvchidan sotib olgan mobil uskunasidan cheklovlarsiz foydalana oladi.

Jismoniy shaxs — O‘zbekiston rezidenti qonunchilikda belgilangan miqdor va muddatda mobil uskunalarini olib kirish (jumladan pochta va kur’erlik xizmatlari orqali) huquqiga ega, deyiladi hujjatda. Belgilangan me’yordan ortiqcha olib kirilgan mobil uskunalar bo‘yicha tizim operatoriga bojxona jarayonlaridan o‘tkazilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar taqdim etilishi lozim.

Har bir olib kirilgan mobil uskunani ro‘yxatga olish uchun 20 ming so‘m to‘lov amalga oshiriladi. Agarda bojxona jarayonlaridan o‘tkazilganini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, registratsiya uchun qurilma bojxona qiymatining 100 foiz miqdorida to‘lovni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi.

IMEI`ni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi arizaga, loyihaga ko‘ra, bojxona xodimlari tasdiqlagan deklaratsiya (pochta-kur’erlik xizmati hujjati) hamda pasport va uning chegarani kesib o‘tgani to‘g‘risidagi chegara xizmati bo‘lgan sahifasi nusxasi ilova qilinishi lozim.

Norezident jismoniy shaxslar uchun IMEI`ni ro‘yxatga olish mahalliy SIM-kartaga ulangan holatda bepul amalga oshiriladi.

Tizim operatorlariga ichki ishlar organlari va boshqa sud-tergov organlari so‘rovi bo‘yicha mobil uskunalar faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va qayta ishga tushirish huquqi beriladi.

Hujjat loyihasi muhokamalarida 26 yanvargacha ishtirok etish mumkin.