O‘zbekiston fuqarosi pasporti o‘rnini egallashi lozim bo‘lgan identifikatsiya kartalarini (ID-kartalar) joriy etish 2021-yildan boshlanadi, deya xabar qildi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori Najmiddin To‘raxo‘jayev.

Prezidentning 2018-yil 18-apreldagi qarorida Toshkentda 1-noyabrdan sinov rejimida ID-kartalarni joriy etishni boshlash rejalashtirilgan edi, biroq bu muddatga o‘zgartirish kiritildi.

Najmiddin To‘raxo‘jayev davlat rahbarining 26-dekabrdagi qaroriga (hujjat ochiq manbalarda yo‘q) ko‘ra, ID-kartalar 2021-yildan, ehtimol ertaroq bosqichma-bosqich joriy etilishini ma’lum qildi. Bunga qadar zarur infratuzilmalar tayyorlanishi lozim.

“O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti ham elektron, ham qog‘oz ko‘rinishidagi asosiy ma’lumot tashuvchilari hisoblanadi. Pasportda propiska, nikohni qayd etish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qaydlar va boshqa ma’lumotlar uchun joylar mavjud. ID-kartalar joriy etilishi munosabati bilan ushbu ma’lumotlarni kartaning elektron chipiga kiritishimiz kerak. butun respublika tayyor bo‘lishi, ID-kartalar funksional bo‘lishi lozim. Fuqaro qaysi davlat muassasasiga bormasin, u yerda tegishli uskuna, infratuzilma bo‘lishi kerak”, — dedi u.

“ID-kartalar 2021-yildan bosqichma-bosqich joriy etiladi, balki ertaroq, biroq biz bunga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”, — deya izoh berdi Najmiddin To‘raxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat personallashtirish markazi yangi namunadagi hujjatlarni hozirdanoq joriy etishga texnik tomondan tayyor. “Biroq fuqarolarimiz qiyinchiliklarga to‘qnash kelmasliklari uchun [pasport] markazimizdan tashqarida funksional bo‘lishi kerak. Biz hozirda butun boshli texnologik jarayonlar majmuini ishlab chiqyapmiz, ushbu qaydlardan foydalanadigan davlat organlarini tayyorlaymiz, imkon darajasida amalga joriy etamiz”, — dedi Najmiddin To‘raxo‘jayev.

Avval xabar qilinganidek, ID-kartalar bosqichma-bosqich joriy milliy pasport o‘rnini egallaydi (xorijga chiqish uchun 2019 yildan alohida xorijga chiqish pasporti joriy etilmoqda). Shuningdek, u davlat xizmatlari hamda “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishda asosiy hujjat hisoblanadi.