Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi Sherali Salomov va tumandagi «Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovni yarashtirib qo‘ydi, deya yozmoqda Xabar.uz nashri. Bir kun avval hokim fermerni kaltaklab, uni 25 mln so‘mni boshqa fermer xo‘jaligi hisob raqamiga o‘tkazishga majburlagani xabar qilingan edi.

15 yanvar kuni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev maqolada keltirilgan holat yuzasidan Olot tumani faollari bilan uchrashdi. Keskin tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi Sherali Salomovning tumandagi «Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovga nisbatan qilgan xatti-harakatini qattiq qoralagan.

Rahbar shaxsning bunday qilig‘i olib borilayotgan «xalqni rozi qilish» siyosatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday holat viloyatdagi har qanday rahbarlar tomonidan takrorlansa, ularga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan.

«Olotlik fermer Orif Durmatov bilan shaxsan gaplashdim. Mehnatkash, halol, mard, tanti, g‘ururli yigit ekan. Hokim bilan yuz bergan holatni to‘g‘ri tushunib, mardlarcha o‘zini tutdi. Bundan buyon bu fermer shaxsan mening e’tiborimda bo‘ladi. Yurt korida „labbay“ deb, sidqidildan mehnat qilib, el koriga yarab turgan bunday fermerlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Buxoroda adolatsizlik siyosati bo‘lmaydi», — dedi viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev.

Olot tumani hokimi o‘zi do‘pposlagan fermerdan ko‘pchilik oldida kechirim so‘radi. Fermer uzrni qabul qildi.

Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev tuman faollarining taklif va tavsiyalariga ko‘ra, bo‘lgan voqeadan Sherali Salomov afsusda ekanligi va fermerdan uzr so‘raganligini inobatga olib, ikkala tomonni yarashtirib qo‘ydi.

Boshqa fermer xo‘jaligi hisob raqamiga majburan o‘tkazilgan 25 mln so‘m taqdiri ma’lum qilinmagan.