Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki «O‘zbekenergo» uchun davlat kafolati ostida 240 mln dollargacha miqdorda kredit ajratmoqda, deya xabar qildi YeTTB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Bu bankning ayni vaqtdagi eng yirik kreditidir, deya qayd etiladi xabarda.

Mablag‘lar Tallimarjon elektrostansiyasiga (IES) eng kamida 900 MVt quvvatga ega gaz turbinalarini o‘rnatish hamda tegishli infratuzilmalarni yaratishga yo‘naltiriladi.

Loyihaning qolgan qismi Osiyo taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi.

YeTTB xabarida ta’kidlanishicha, uzluksiz va barqaror elektr ta’minoti hududdagi asosiy muammolardan hisoblanadi. Loyiha O‘zbekistondagi elektr ta’minoti samaradorligi va ishonchliligini oshirishga yordam beradi va elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun yangi quvvatlarni tashkil etish bo‘yicha vazifalarni hal etishga xizmat qiladi.