Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangiqo‘rg‘on tumani hududida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro A.Z. boshqaruvidagi «Labo» rusumli avtomashina hududida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada ushbu avtomashinada qo‘shni davlatdan olib o‘tilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan jami 88,5 million so‘mlik yondirgich (zajigalka), elektor hisoblagich, gaz hisoblagich, va qo‘lqoplar borligi aniqlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida aynan shu hududda fuqaro O.O. boshqaruvida yana bir «Labo» rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, unda qiymati 53 million so‘mlik 24 dona televizorlar borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.