Toshkentda 2019 yilning ikkinchi yarmida Afg‘oniston bo‘yicha sakkizinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (RECCA VIII) bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Afg‘oniston ishtirokidagi «Hindiston-Markaziy Osiyo» muloqoti tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi ishtirokchilarining qo‘shma bayonotida so‘z boradi.

Uchrashuv 14 yanvar kuni Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Unda tashqi siyosat mahkamalari rahbarlaridan O‘zbekistondan Abdulaziz Kamilov, Hindistondan Sushma Svaraj, Qirg‘izistondan Chingiz Aydarbekov, Tojikistondan Sirojiddin Muxriddin, Turkmanistondan Rashid Meredov, Qozog‘istondan Beybut Atamkulov hamda Afg‘onistondan TIV rahbari Salaxuddin Sabboniy qatnashadi.

Tadbirda o‘zaro savdo o‘sishiga ko‘maklashish choralari, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga sarmoya, innovatsiya, texnologiyalarni jalb qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari, Markaziy Osiyo davlatlarining tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirish, turistik safarlarni oshirish, shuningdek, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va sport sohalarida muayyan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Delegatsiyalar rahbarlari nutqlarida BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasini inobatga olgan holda yoshlarga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga asosiy e’tibor qaratildi.

Muloqotning alohida yalpi sessiyasida Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Salahiddin Rabboniy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

«Hindiston — Markaziy Osiyo» muloqotining tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistonning nufuzli delegatsiyasi ishtirokini ma’qulladilar hamda mamlakatni mintaqa va jahon iqtisodiy aloqalari tizimiga jalb etishga xozmat qiladigan qo‘shma infratuzilma, tranzit-transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish orqali Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga yordam berishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Delegatsiyalar rahbarlari muloqot ishtirokchi davlatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida bevosita aloqalarni faollashtirish, madaniy tadbirlar, Afg‘oniston bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga ulkan salohiyat mavjudligida e’tibor qaratdilar, xalqaro yoshlar forumlari, festivallar, tanlovlar, ilmiy anjumanlar, ko‘rgazmalar va boshqa qo‘shma tadbirlarda Afg‘oniston tomonining ishtirok etishiga ko‘maklashish istagini izhor etdilar.

Ta’sis Sammiti yakunlariga ko‘ra qo‘shma bayonot qabul qilinib, unda tashqi ishlar vazirlari darajasida «Hindiston — Markaziy Osiyo» muloqoti joriy etilganligi to‘g‘risida ma’lum qilindi.

Umuman olganda, vazirlar uchrashuvi yakunlari Muloqot doirasida ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirishga umumiy qarashlar va yondashuvlar mavjudligidan dalolat beradi. Tashqi ishlar vazirlari darajasida muntazam ravishda Muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan vazir Sushma Svarajning navbatdagi vazirlar uchrashuvini 2020 yili Hindistonda o‘tkazish taklifi ma’qullandi.