O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining qator vakolatlari boshqa vazirlik va idoralarga o‘tkazildi. Bu davlat rahbarining 10 yanvardagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar qilishicha, Loyiha boshqaruvi milliy agentligining vazifa va funksiyalari raqamli iqtisodiyot va sifatli loyiha boshqaruvini ustuvor rivojlantirishni hisobga olgan holda optimallashtirildi.

Xususan, Agentlikning bir qator vakolatlari tegishlicha:

  • Davlat xaridlari sohasidagi vakolatlari — Moliya vazirligiga;
  • Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash hamda qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazuvchi shaxslarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha vakolatlari — Qurilish vazirligiga;
  • Baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlashni ta’minlash bo‘yicha vakolatlari — Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘tkazildi.

Shuningdek, Agentlik qoshidagi:

  • Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi DUK — Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga;
  • Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi DUK — Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligiga o‘tkazildi.

Agentlik qoshida Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi DUK tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilandi.

Farmon bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi davlat muassasasi tugatildi. Uzinfocom yagona integratori ko‘chmas mulklari va avtotransport vositalari davlat ulushini oshirish hisobiga balans qiymati bo‘yicha Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga berilmoqda.

Dekabrda prezident farmoni bilan agentlik elektron hukumat sohasida vakolatli organ etib belgilangan edi.