12 yanvar kuni Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida Tico avtomobili Katta Farg‘ona kanaliga tushib ketdi, unda ketayotgan er-xotin vafot etdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida Yu.X. (1946 y.t.) 4 kun oldin sotib olingan Tiko» avtomashinasini boshqarish huquqi bo‘lmagani holda (haydovchilik guvohnomasi olmagan) boshqarib, turmush o‘rtog‘i M.E. (1956 y.t.) bilan birga yashash uyidan chiqib, Uchko‘prik tumaniga, M.E. ning yaqin qarindoshlari uyi tomon harakatlanishgan.

Yu.X mashinada soat 10−15 larda «Katta Farg‘ona» kanali o‘ng yonidagi suv nazorati yo‘lidan harakatlanib, Uchko‘prik tumani, Katta Qo‘shtepa m.f.y., Begobod qishlog‘idagi kanal ko‘prigi yoniga kelganida ehtiyotsizligi tufayli, boshqaruvni yo‘qotib, turmush o‘rtog‘i M.E bilan birga «Katta Farg‘ona» kanaliga tushib ketishib, vafot etishgan.

«Fuqaro U.Q hodisa kuni qaynoatasi Yu.X va qaynonasi M.E. yaqin qarindoshlaridan xabar olish Uchko‘prik tumaniga ketishganligi, kayfiyatlari yaxshi bo‘lganligi, qaynotasi „Tiko“ avtomashina boshqarishni yaxshi o‘zlashtirmaganligini ko‘rsatgan», — deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.