O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.

«Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan siz, azmu shijoatli harbiylarimizni sharaflab, xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlaringiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman», — deyiladi bayram tabrigida.

«Mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir, — deyiladi tabrikda. — Biz sizlar bilan — ana shunday g‘oyat mas’uliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz».

Davlat rahbari o‘z tabrigida farzandlarini — Qurolli Kuchlarning askar va ofitserlarini Alpomishdek botir, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiylar bilan hayot quvonchi va tashvishlarini doimo baham ko‘rib kelayotgan ularning rafiqalari va oila a’zolariga minnatdorchilik bildirdi.

«Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi xavf-xatarlar, milliy va global xavfsizlikka qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab davrda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, ma’naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Biz davlatimiz mudofaa qudratini har tomonlama oshirish, yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlashga, Vatan himoyachilari, ularning oilalari uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga bundan keyin ham alohida e’tibor qaratamiz. Masalan, 2019 yilning o‘zida harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli kreditlar asosida 116 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Harbiy xizmatchilarning 700 dan ziyod farzandlari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, harbiy shaharchalarni obod qilish, ularning hududida zamonaviy infratuzilmalar barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettiriladi», — deyiladi tabrikda.

Ayni vaqtda shaxsiy tarkib o‘rtasida milliy o‘zlikni anglash va jangovar ruhni, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Shu maqsadda yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval «O‘zbekiston tarixi» fani va «Temur tuzuklari» kitobi bo‘yicha sinov o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir, deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, ushbu sohadagi qadriyat va an’analarimizni targ‘ib etish, askar va ofitserlarimizning zamon qahramonlari sifatidagi qiyofasini badiiy asarlar, spektakl va filmlar orqali keng yoritib berish alohida ahamiyatga ega. Bu borada taniqli olimlar, adib va shoirlarimiz, ijodkor ziyolilar, madaniyat namoyandalari yanada samarali faoliyat olib boradilar, deb ishonch bildiraman», — dedi prezident o‘z tabrigida.