9 yanvar kuni soat 15:40 larda Namangan viloyati Kosonsoy tumani Qukumboy MFY Qukumboy ko‘chasi raqamsiz uyda yashab kelgan, 1996 yilda tug‘ilgan A.Sh. noma’lum sabablarga ko‘ra o‘z joniga qasd qilib, yashash uyidagi o‘tinxonada o‘zini-o‘zi osib, o‘z joniga qasd qilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, voqea joyiga tuman prokurori, prokuratura tergovchisi, IIBning boshqa tezkor tergov xodimlari yetib borgan. Marhum Sh. A.ning jasadi tuman tibbiyot birlashmasi shifokori tomonidan ko‘zdan kechirilganida, bo‘yin sohasidagi strangulyatsion egatidan boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan.

Hozirda, o‘lim xolati yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ba’zi xorij OAVlari, jumladan «Ozodlik» radiosi Sh. A.ning o‘sha kuni otasining o‘rniga hokimlikda o‘tkazilgan majlisda ishtirok etgani, yig‘ilishda unga va otasiga nisbatan achchiq gaplar aytilganini xabar qildi. Bosh prokuratura mazkur xabarni rad etdi.

«Yig‘ilishda Sh. A.ga nisbatan hech qanday e’tirozlar tilga olinmagani aniqlandi va ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, u hokimiyatdagi yig‘ilishdan yaxshi kayfiyatda kelgan, ota-onasiga nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani ma’lum emas», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.