Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoniga muvofiq, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar berildi.

Farmon bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi hamda Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish agentlikning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Yirik shaharlarga tutash aholi punktlari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi hamda amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra 2019-yil 1-noyabrgacha o‘rta muddatli davrda yo‘ldosh-shaharlarga aylantiriladigan aholi punktlari ro‘yxati shakllantiriladi.

2019-yil 1-iyunga qadar 2020−2025-yillarda kompleks uy-joy qurish davlat dasturlarining asosiy prognoz parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiyani tartibga solishni ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Yo‘l xaritasi doirasida Uy-joy kodeksi hamda Yer kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqiladi.