Yangi tashkil etilgan Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga vazir hamda uning o‘rinbosarlari tayinlandi. Rahbariyatga avval iqtisodiyot vaziri bo‘lib ishlagan Botir Xodjayev rahbarlik qiladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot manbasi.Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Botir Asadillayevich Xodjayev (1956 y. t.) Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini tamomlagan. 2005−2006 yillarda O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

2006−2009 yy. — O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri. 2009−2011 yillarda bosh vaziri o‘rinbosari — Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi, 2011−2016 yillarda iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari, 2016−2017 yillarda — moliya vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2017 yil noyabrdan Iqtisodiyot vazirligiga rahbarlik qildi.

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Ravshan Ayubovich G‘ulomov (1968 y.t.) iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U Toshkent davlat universiteti (1992) va Avstraliya milliy universiteti (1998) bitiruvchisi.

1992−2004 Markaziy bankda ishladi, 2001 yildan MB raisining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. 2004−2007 yillarda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari va «Asaka» banki boshqaruvi raisi, 2007−2016 yillarda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimlarida ishladi.

2017 yil aprelidan 2018 yil avgustiga qadar Davlat raqobat qo‘mitasi raisi, so‘ngra Vazirlar Mahkamasi departamentiga rahbarlik qildi.

Sohib Ismoilovich Saifnazarov (1973 y. t.g‘) iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari bo‘ldi. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 1996 yildan 1998 yilgacha «O‘zbekqishloqxo‘jalikmash» korxonasida iqtisodchi bo‘lib ishlagan. 1999−2001 yillarda Toshkent viloyat hokimiyati axborot-tahlil guruhida yetakchi mutaxassis bo‘lgan.

2001−2003 yillarda O‘zbekiston Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi sho‘’ba korxonasini boshqargan. 2004−2009 yillarda Iqtisodiyot vazirligida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. 2012−2017 yillarda «Angren» erkin iqtisodiy zonasida davlat unitar korxonasi direktori bo‘lgan. 2017 yil avgustida Sohib Saifnazarov tashqi savdo vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Umidjon Zokirjonovich Salimov (1976 y. t.) iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti aspiranturasini tamomlagan, texnika fanlari nomzodi.

1998−1999 yillarda «Avtodayjest» gazetasi mas’ul kotibi lavozimida ishlagan. 1999−2000 yillarda «O‘zavtosanoat» assotsiatsiyasining «Avtosaninvestproyekt» kompaniyasida yetakchi mutaxassis bo‘lgan. 2000−2004 yillarda «O‘zavtosanoat» assotsiatsiyasi moliya-iqtisodiy ekspertiza va kreditlash boshqarmasida yetakchi mutaxassis lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2005−2007 yillarda «O‘zavtosanoat» marketing, savdo strategiyasi va eksport salohiyatini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi bo‘lgan. 2007−2009 yillarda GM Uzbekistan yangi loyihalar boshqarmasi bo‘lim bosh menejeri lavozimida ishlagan.

2009−2011 yillarda GM Powertrain Uzbekistan bosh direktori o‘rinbosari bo‘lgan. 2011−2013 yillarda esa «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi o‘rinbosari edi.

2013−2017 yillarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari va O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi direktori sifatida ish olib bordi.

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanalidan lavha

Botir Shukurillayevich Usmonov ham Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbari o‘rinbosari bo‘ldi. Qozon davlat texnika universiteti (1993) bitiruvchisi, Andxra universiteti (Hindiston, 1999) magistranti, Gamburg texnika universiteti (2001) magistranti.

Bugungi kunga qadar Toshkent axborot texnologiyalar universitetida (2017−2019) ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, M.V.Lomonosov nomidagi MDU Moskva filiali amaliy matematika va informatika kafedrasi dotsenti, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari (2013−2016) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.