Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi Sodiqjon Oripov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) u ahloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan vaqtda yana firibgarlikka qo‘l urdi, deya ma’lum qildi jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tumani sudining sudyasi Umidjon Mehmonaliyev «Gazeta.uz"ga.

U muqaddam — 2013 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan ko‘p miqdorda firibgarlik, ko‘p miqdorda pora berishga dalolat qilish va og‘ir oqibatlarga olib kelgan yolg‘on xabar berish jinoyatlarini sodir etgani uchun qonuniy jazoga tortilgan. O‘sha vaqtda unga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ikkita amnistiya aktiga binoan uchdan bir qismiga qisqartirilgan, ma’lum muddatdan so‘ng o‘talmay qolgan jazo muddati ahloq tuzatish jazosiga almashtirilgandi.

Biroq 2015 yil sentyabr oyida tumandagi «Ing‘irchoq meva-sabzavot» fermer xo‘jaligining 7 gektar yeri tuman zaxirasiga qaytarilganidan xabar topgan S. Oripov vaziyatdan foydalanib qolishga urinadi. U xo‘jalik rahbari Muhiddin Sattorovga Toshkentda, yuqori idoralarda ishlaydigan tanishlari borligini, ular orqali yerni qaytarib olishga yordam berishini aytadi.

Shu tariqa S. Oripov Muhiddinning qonuniy murojaatini respublika idoralariga yetkazish va poytaxtga borib kelish uchun avvaliga 200 dollarini oladi. Oradan 15 kun o‘tgach, ishlar ijobiy tomonga yurayotganini aytib, yana 300 dollar so‘raydi. Shu bois M. Sattorov pulni kirakash haydovchilar orqali Toshkentga — S. Oripovga berib yuboradi. So‘ngra fermerdan yana dollarni undiradi. Olgan pullarini esa boshqa shaxslardan olgan qarzlariga to‘lab yuboradi.

Shundan so‘ng S. Oripov salkam ikki yarim yil mobaynida pulni qaytarib bermay, qochib yuradi. Muhiddin esa uning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, 2018 yilning fevral oyida O‘zbekiston prezidentining Buvayda tumanidagi Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamentining Buvayda tuman bo‘limi tomonidan firibgarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi esa unga qonuniy jazo tayinladi.