«OXUS Culture» jamiyati O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi hamkorligida «Doston kechasi"ni tashkil etmoqda. Bu haqda tashkilotchilar «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Tadbirda xalq merosining eng mashhur dostonlari bo‘lmish «Alpomish» dostoni Toshkentda ilk marotaba to‘liq, jonli tarzda ijro etiladi, va dostonchilik merosi shinavandalari «Alpomish» dostonini to‘liq jonli tinglash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Doston kechasi 15 yanvardan 19 yanvarga qadar soat 18:30dan 20:30gacha davom etadi.

O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov ijro dasturidan «Alpomish"dostoni va «Go‘ro‘g‘li» dostoni turkimiga kiruvchi bir qancha dostonlar, shuningdek doston ijrochiligi yo‘lidagi xalq qo‘shiqlari va termalar o‘rin egallagan.

Abdunazar baxshi ijrosidagi bir qancha doston va qo‘shiqlar O‘zbekiston teleradiokompaniyasi oltin fondidan o‘rin olib muntazam efirga uzatilib kelinadi. Shuningdek, Abdunazar baxshi o‘z ijodi davomida Fransiya, Belgiya, Shveysariya, Tayvan, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarida ijodiy safarlarda bo‘lib o‘z ijodini namoyish etib, o‘zbek xalq baxshichilik an’analarini dunyo xalqlari orasida munosib targ‘ib qilib kelmoqda.

OXUS Culture jamiyati tomonidan 2015 yildan buyon amalga oshirilib kelinayotgan doston kechalarida Sherobod dostonchilik maktabi an’analaridan «Malla savdogar», «Kelinoy», «Ollonazar Olchinbek» xalq dostonlari O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov ijrosida, Xorazm dostonchilik an’analaridan «Oshiq G‘arib va Shohsanam» hamda «Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi» dostonlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otaxon Matyoqubov ijrosida, shuningdek Qoraqalpog‘iston dostonchilik an’analaridan «Sayatxan — Xamra» dostoni esa Qoraqalpog‘istonlik yosh baxshilar Gulshinar Кудайбергеноva va Erisbaĭ Askarov tomonidan to‘liq ijro etildi.

O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini saqlash, rivojlantirish va targ‘ib etish OXUS Culture o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalardan bo‘lib, xalqaro maydonda ham bir qancha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan 2016−2017 yillarda Xitoy, Latviya, Estoniya, Finlyandiya, Ispaniya, Germaniya, Belgiya, Tayvan davlatlarida Shashmaqom, Farg‘ona-Toshkent maqom an’analari ijrochiligi, katta ashula hamda xalq musiqa merosi, dostonchilik an’analari, milliy cholg‘u ijrochiligi asosidagi jami 70dan oshiq, 2018 yilning o‘zida esa Xitoy, Estoniya, Finlyandiya, Polsha va Shveysariya davlatlarida 40dan oshiq konsertlar amalga oshirdi.

Tadbirga kirish bepul. Joylar soni cheklangan. Doston kechasiga tashrif buyurish istagida bo‘lgan tinglovchilar tadbir tashkilotchilari bilan bog‘lanishlari lozim.

Ma’lumot uchun: (+99871)2331420 (O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi), (+99890)1868294 Husniddin Ato (loyiha rahbari) oxusculture@gmail.com.