Toshkentda Hindiston bilan hamkorlikda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 10 yanvardagi tegishli qarorida so‘z boradi.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Hindiston Eletkronika va axborot texnologiyalar vazirligi qoshidagi Dasturiy texnologiyalar parklari o‘rtasida Hindistonning ilg‘or tajribasi asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.

Texnoparkning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish;
  • texnopark rezidentlarini o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan yuqori texnologik infratuzilma va zamonaviy laboratoriyalar bilan ta’minlash, ularga moliyaviy, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlari, xususan biznes akselerator xizmatlarini ko‘rsatish;
  • axborot texnologiyalar sohasida yangidan ish boshlagan va kichik korxonalarga startap-loyihalarni amalga oshirishda, innovatsion faoliyati natijalarini tijoratlashtirishda, shu jumladan venchur moliyalashtirish asosida ko‘maklashish;
  • rezidentlarga loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilishda, shu jumladan zamonaviy dasturiy mahsulotlar va texnologiyalar transferini amalga oshirish orqali ko‘mak berish;
  • yuqori texnologiyali mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish tarmog‘ini amalga oshirish uchun ilmiy, ta’lim va ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyatini integratsiyalashga ko‘maklashish;
  • axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar sinfini yaratish maqsadida yosh mutaxassislarni o‘qitishni tashkil etish;
  • yetakchi kompaniyalar va mutaxassislar ishtirokida axborot texnologiyalari sohasida mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar tashkil etish.

Texnoparkka Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Tepamasjid ko‘chasi 4-uydan bepul foydalanish huquqi berildi.