Amerikaning The New York Times gazetasi O‘zbekistonni 2019 yilda tashrif buyurish lozim bo‘lgan 52 yo‘nalish ro‘yxatiga kiritdi. Avvalroq Britaniyaning The Guardian nashri ham O‘zbekistonni joriy yilda sayohatchilar uchun eng yaxshi 40 yo‘nalishga kiritgan edi.

«Qachonlardir Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilishni orzu qilgan bo‘lsangiz, hozir buning ayni vaqti, — deb yozadi gazeta. — Sobiq Sovet Ittifoqi parchalanganidan 25 yil o‘tib tarixiy yo‘lning bir qancha hayratlanarli qismlari joylashgan O‘zbekiston sobiq sovet respublikasi nihoyat o‘z islohotlari davrini boshdan kechirmoqda».

Nashr mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan qator islohotlarni: valyuta ayriboshlashning soddalashtirilgani, aviachiptalarni onlayn band qilish va viza uchun arizalarni onlayn berish imkoniyatlari, O‘zbekiston va Qozog‘istonning sayyohlar uchun yagona O‘rta Osiyo vizasini tashkil etishdagi hamkorligi, chegara o‘tkazish punktlarining ochilgani, mintaqa poytaxtlari bilan havo aloqasining qayta tiklangani va Nyu-Yorkka parvozlar sonining ortganini sanab o‘tdi.

Shuningdek, Toshkentda yangi Hyatt Regency mehmonxonasining qurilgani, yaqin yillarda boshqa xalqaro otellarning ochilishi, dunyo darajasidagi tog‘-chang‘i kurorti va Buxoroda sayyohlik zonasi ishga tushirilishi kutilayotgani ham qayd etib o‘tilgan.