Jizzax viloyatida 1-martdan “Ilg‘or hudud” sinov loyihasini amalga oshirishga kirishiladi. Bu O‘zbekiston prezidentining 3-yanvardagi “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Loyiha bo‘yicha hudud aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash va daromadlarini oshirish, “Bir qishloq — bitta mahsulot” tamoyili bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarish uchun shart-sharoitlarni jadallik bilan yaratish va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Hujjat doirasida viloyatning strategik maqsadlari, shuningdek, hududiy davlat boshqaruvi organlari uchun maqsadli ko‘rsatkichlarni shakllantirish mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi loyihani tizimli va samarali tayyorlash hamda amalga oshirish uchun mas’ul organ hisoblanadi. Agentlikning sinov loyihani amalga oshirish doirasida qabul qilgan qarori, boshqaruv xususiyatidagi topshiriqlardan tashqari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar, xo‘jalik sub’ektlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Agentlikka Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish vakolati beriladi.

1-martga qadar xorijiy maslahatchilar va mutaxassislar jalb qilingan holda Jizzax viloyati hududini rejalashtirish sxemasi eskizi ishlab chiqiladi.

Loyiha doirasida ishlab chiqiladigan Jizzax viloyatini rivojlantirish konsepsiyasi quyidagillarni o‘z ichiga oladi:

  • davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish sohasini tahlil qilish va baholash, chora-tadbirlarni amalga oshirish va ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholash mexanizmini joriy etish;
  • tarkibiy islohotlar, shu jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, turizm va foydali qazilmalarni qazib olish sohasidagi tarkibiy islohotlar bo‘yicha takliflar berish;
  • innovatsion loyihalar, shu jumladan, raqamli iqtisodiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iste’dodli bolalar va yoshlar imkoniyatlarini, tranzit yo‘llaridagi infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar berish;
  • urbanizatsiya va kompleks uy-joy qurilishi jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • turizm tarmog‘ini, shu jumladan, Zomin tumanida turizm klasterlarini tashkil etish orqali rivojlantirish imkoniyatini yaratish;
  • suv, gaz va elektr ta’minoti, kanalizatsiya tarmoqlari, yo‘l infratuzilmasi, Internet tarmoqlari, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari sohasida talab qilinadigan ishlarning ustuvorligi bo‘yicha infratuzilma holatini baholash va yanada rivojlantirish.