Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizom bilan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi markaziy apparati, uning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan hududiy bo‘linmalari va tashkilotlarining xodimlari, shuningdek, qo‘mita tizimiga kiradigan xo‘jalik hisobidagi davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilandi.

Nizomga ko‘ra, byudjet tashkilotlari va byudjet tashkiloti bo‘lmagan tashkilotlar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, shuningdek, qo‘shimcha mehnat kafolatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

lavozim maoshlari (tarif stavkalari);

lavozim maoshlariga qo‘shimchalar va ustamalar;

mehnatning yakuniy natijalariga ko‘ra belgilangan mukofotlar.

Xodimlarning lavozim maoshlari quyidagi holatlarda o‘zgartiriladi:

Prezident qarori bilan belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdori oshirilgandi;

xodim ushbu tashkilotda boshqa lavozimga o‘tganda yoki xodimga yuqori malaka razryadi berilganda.

Byudjet tashkiloti bo‘lmagan tashkilotlar xodimlariga tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan lavozim maoshiga quyidagi qo‘shimchalar va ustamalar belgilanadi:

kasblarni qo‘shib bajarganlik va xizmat ko‘rsatish hududini kengaytirganlik uchun — amalda bajarilgan ishlar uchun;

dam olish va bayram kunlarida ishlaganlik uchun — soatbay tarif stavkasidan kelib chiqqan holda ikki baravar miqdorda;

uzoq muddat ishlaganlik uchun lavozim maoshiga foizlar hisobida — har chorakda ushbu nizomda belgilangan miqdorlarda.

Byudjet tashkilotlari xodimlarini mukofotlash quyidagi tartibda belgilanishi mumkin:

bayram kunlarida;

markaziy apparat va hududiy boshqarmalarning xizmat vazifalarini sidqidildan va samarali bajarib kelayotgan yuqori malakali, tashabbuskor xodimlarga shaxsiy ustamalar;

yil yakunlari bilan alohida tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarni, shuningdek, xodimning nafaqaga chiqishi munosabati bilan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash;

davlat mukofotlari, faxriy yorliqlar bilan taqdirlanganligi uchun oylik ish haqining bir baravarigacha rag‘batlantirish.

Byudjet tashkiloti bo‘lmagan tashkilotlar xodimlarini mukofotlash va ularga belgilanadigan qo‘shimcha va ustama to‘lovlar miqdorlari tegishli tashkilotlarning rahbarlari tomonidan moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.