Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yonida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi bilan chiqqan edi. Keyinchalik prezident ushbu markaz loyihasi va qurilishi bilan bir necha bor tanishdi. Uning mazmun-mohiyati, hatto, rangining qanday bo‘lishigacha belgilab berdi. Bugungi kunda qurilish va pardozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.

Davlat rahbari ushbu markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakat va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini to‘plash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda ajdodlarimizning boy merosini alohida-alohida o‘rganish, yetuk mutaxassislar tayyorlash uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan.

Markazning birinchi qavatida muzey tashkil etilgan. Unda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy safarlari aks etgan. Muzey markaziga «Sahihi Buxoriy» kitobining qadimiy qo‘lyozma nusxasi qo‘yilgan.

Muzey bilan tanishar ekan, prezident bu joy ziyoratchilarga Imom Buxoriy haqida tasavvur, bilim berishini ta’kidladi.

— Dunyo xaritasida yana bir ilmiy markaz paydo bo‘ldi. Bu markaz mamlakatimizga ilm, baraka olib keladi. Yoshlarimizga bilim, kuch beradi. Bu yerda o‘qiganlar, ziyoratgan kelganlar katta ma’naviyat, ma’rifat oladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markaz tomonidan 2018 yilning o‘tgan davrida buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Yevropa va Sharq mamlakatlari, dunyodagi yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan aloqalar o‘rnatildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Kembrij universiteti, «Al-Furqon» fondi, Britaniya muzeyi, Fransiyaning Arab dunyosi instituti, Fransiya milliy kutubxonasi va boshqa ilm-fan maskanlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Markaz ilmiy xodimlari tomonidan «Imom Buxoriy ta’rifi», «Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi», «Lubobul hadis asari» kabi 17 ta kitob nashrga tayyorlandi.

Xorijiy mamlakatlarning kutubxona fondlarida saqlanayotgan 535 ta qo‘lyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari olindi. Markazda saqlanayotgan 1 168 ta asarning katalogi tayyorlandi.

Davlat rahbari qo‘lyozma kitoblarni avaylab saqlash, tarjima qilib, xalqqa yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markaziga hamohang yana bir oliy diniy ta’lim muassasasi — Hadis ilmi maktabi ham bunyod etilgan. Shavkat Mirziyoyev ushbu maktab bilan ham tanishdi.

Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati besh yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib borilmoqda. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 10 nafar iqtidorli bitiruvchilari saralab olingan.

Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur’oni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi.

Buyuk ajdodlarimiz asos solgan Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Tashkil etilgan muassasa o‘z oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o‘rganish, xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish, «Ustoz-shogird» an’analari asosidagi mashg‘ulotlarni tashkil etish, dunyoviy davlatda diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, o‘zbek va xorijiy tillarda nashr etish, ilmiy seminarlar, konferensiyalar tashkil etish, eng muhimi, «Jaholatga qarshi — ma’rifat» shiori asosida murosasizlik, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko‘rinishlariga ilm-ma’rifat, yuksak odob-axloq bilan qarshi turishdek katta vazifalarni qo‘ygan.

Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida ta’lim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan.

Bituruvchilar ta’limni o‘z ixtisosligiga ko‘ra, O‘zbekiston Islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishlari mumkin.

Prezident maktabda o‘qitish uslublarini takomillashtirish, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.