Prezidentning 2019 yil 6 yanvardagi «Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori e’lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish — 2019 yilgi davlat dasturi loyihasida belgilangan asosiy vazifalardan biri.

Sudyalarni o‘qitishga yangicha yondashuv

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qabul qilish 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab faqat sudyalik lavozimi zaxirasida bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida Sudyalar oliy kengashi tomonidan Oliy sudi bilan birgalikda belgilanadigan kvotalar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bo‘lg‘usi sudyalarni o‘qitish grant asosida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida bir yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu tartib shu yil 10 yanvardan joriy etiladi.

Tayyorlash kurslariga qabul qilingan sudyalik lavozimiga nomzodlar asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimidan ozod qilinadi, biroq ularning egallagan lavozimi butun o‘qish davri mobaynida saqlanadi. Kurslar tinglovchilari sudya yordamchisining bir oylik MHT miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi.

Sudyalik lavozimlariga 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab faqat bunday kurslarda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanadi. O‘qish dasturini bajarmagan yoki taklif etilgan sudyalik lavozimini egallashni rad etganlar butun o‘qish davrida olingan stipendiya summasini davlat byudjetiga to‘liq miqdorda qoplab beradi.

Sudyalarni dastlabki muddatga tayinlashning amaldagi tartibi 2019/2020 o‘quv yili tugagunga qadar saqlab qolinadi.

Sudyalarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish

2019 yil 10 yanvardan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

2 oylik rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash. O‘quv dasturi sud ma’muriyatchiligini yuritish ko‘nikmalarini egallashga, ish va boshqaruvni tashkil etishning innovatsion shakl va uslublarini o‘zlashtirishga qaratilgan.

Oliy sud buyurtmasi asosida 2 haftadan kam bo‘lmagan, sudyalar va sudlar apparati xodimlari malakasini oshirish. Kurslarda qonunchilikdagi yangiliklarning mazmun va mohiyatini tushuntiradilar, shuningdek kasbiy, jumladan, huquq normalarini sharhlash va qo‘llash masalalariga doir ko‘nikma va qobiliyatlarni takomillashtirishga yordam beradilar.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilariga o‘qish davomida asosiy ish joyi bo‘yicha egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

Sudyalar oliy maktabi tashkil etiladi

U Sudyalar oliy kengashi huzurida Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi negizida Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining 12 ta shtat birligini o‘tkazgan holda tashkil etiladi.

Oliy maktabga davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi maqomi beriladi va sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi.

O‘quv yurtida 5 ta: fuqarolik huquqi, iqtisodiy huquq, jinoyat huquqi, ma’muriy huquq hamda kasbiy ko‘nikmalar kafedralari faoliyat ko‘rsatadi.

Oliy maktabga Sudyalar oliy kengashi raisining taqdimnomasiga asosan prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibiga Oliy sud sudyalari uchun, Oliy maktabning boshqa xodimlariga Oliy sud apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.