2018 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 48581 nafar shaxsga nisbatan 38133 ta ish ko‘rib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkichlar 2017 yilga nisbatan shaxslar bo‘yicha 37,2 foizga, ishlar bo‘yicha esa 35,5 foizga kamaygan, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Jumladan, 867 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 35706 nafarni tashkil etib, shundan 8730 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 24902 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 2074 nafar shaxs shartli hukm qilindi.

Shuningdek, 3290 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 30171 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 9785 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi, 8144 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

2017 yilga nisbatan 2018 yilda ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, o‘g‘rilik, pora olish va berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, bezorilik, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, transport vositasini olib qochish, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 9486 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 343,6 mlrd so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 3785 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

17613 ta jinoyat ishi, ya’ni barcha ishlarning qariyb 46,2 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 1576 nafar shaxsga nisbatan 1236 ta ish ko‘rib chiqildi. 827 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 522 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.