Vazirlar Mahkamasining Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar to‘g‘risidagi;

Madaniyat vazirligi tizimidagi akademik litseylar to‘g‘risidagi;

Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlar to‘g‘risidagi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari joylardagi ish beruvchi tashkilotlar tomonidan mavjud kasblarga bo‘lgan ehtiyoj va talablar asosida, shuningdek, o‘quvchilarning va ota-onalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadi.

Mazkur ta’lim muassasalarida o‘qish o‘zbek, qoraqalpoq va rus tilida olib boriladi.

Sinflardagi o‘quvchilar soni 25−30 nafarni tashkil qilib, mutaxassislik fanlardan amaliy mashg‘ulotlari kichik guruhlarga bo‘lingan holda hamda yakka (individual) tartibda tashkil etiladi.

Nizom bilan ushbu ta’lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi.

Shunga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga kirish uchun hujjatlar har yili 1−30 iyun kunlari qabul qilinadi.

Ijodiy sinovlar esa har yili 15−30 iyul kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi.

Nufuzli xalqaro (I, II, III o‘rinlar) va respublika (I o‘rin) miqyosidagi tanlovlar g‘oliblari belgilangan kvota doirasida imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinadi.

Mazkur o‘quv dargohlari bitiruvchilariga o‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risida diplom beriladi va ushbu hujjat bitiruvchilarga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.

Nizomga muvofiq, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi eng kam oylik ish haqining bir baravarini tashkil etadi.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq Madaniyat vazirligi tizimidagi akademik litseylar, shuningdek Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi.