Mamlakat prezidenti raisligida 2019 yil 8 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yangi bosqichma-bosqich tizim joriy etilishi muhokama qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Yangi, 4 bosqichli tizimning joriy etilishi hududlar va tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar miqyosini kengaytirish, ularning amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish imkonini berishi qayd etildi.

Unga muvofiq, birinchi bosqichda viloyat hokimlari har haftada bittadan tuman yoki shaharga borib, elchilar bilan aloqa o‘rnatgan holda, u yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi. Tarmoq rahbarlari ham har haftada bitta viloyatga borib, mahalliy korxonalar bilan birga amaldagi loyihalarni bajarish va qo‘shimcha investitsiya loyihalari bo‘yicha ish olib boradi. Bosh vazir va uning o‘rinbosari elchilar ishtirokida jalb qilingan xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish holatini muntazam muhokama qilib boradi. Natijalariga qarab, hokimlar va tarmoqlar rahbarlari rag‘batlantiriladi yoki ularga nisbatan ish haqining 50%i miqdorida jarima qo‘llanadi.

Hududlarga biriktirilgan respublika idoralari rahbarlari viloyat hokimlari va elchilar bilan birgalikda har bir tuman (shahar)da to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar holatini o‘rganib, ularning ijrosini jadallashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘radi. Shuningdek, qo‘shimcha loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, xorijiy investorlarni jalb qiladi.

Ikkinchi bosqichda Investitsiya qo‘mitasi hududlar va tarmoqlarning investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflarini umumlashtirib, samaradorligini baholaydi va yagona elektron onlayn bazani shakllantiradi.

Uchinchi bosqichda Tashqi ishlar vazirligi hamda hududlarga biriktirilgan elchilar yagona elektron bazaga kiritilgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb etadi.

To‘rtinchi bosqichda Vazirlar Mahkamasi saralab olingan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar bilan tegishli kelishuvlarni rasmiylashtirib, ijrosini nazoratga olish bo‘yicha «yo‘l xaritalari"ni tasdiqlaydi.