Davlat aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston prezidenti 9 yanvar kuni tegishli farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolinmoqda.

Xususan, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayapti. Uzoq yillar davomida bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ayrim davlat organlarining ishi sifatida qarab kelinib, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki yetarlicha ta’minlanmagan.

Yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish ishiga kompleks tarzda yondashilmadi.

Aholining huquqiy bilimlarini oshirishga doir vazifalarning umumiy tusda belgilanganligi hamda ularni amalga oshirishning aniq ta’sirchan mexanizmi mavjud emasligi jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarning samarasiz olib borilayotganligini ko‘rsatadi.

Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyalarini aholi ongiga singdirish ishlarining yetarli olib borilmasligi ham qonun ustuvorligini ta’minlashga o‘zining jiddiy salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Aholining huquqiy bilimlari yetarli emasligi, shuningdek, davlat organlarining qonunga xilof qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatidan deyarli foydalanmasligi mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishi holatlarining vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Quyidagilar jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatish;
  • aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish;
  • davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining manzilli huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish borasidagi o‘zaro hamkorligini mustahkamlash va boshqalar.

2020 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston milliy huquqiy internet portali yaratiladi. Bundan tashqari, 1 iyulga qadar aholiga bepul maslahatlar berishni o‘z ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimi ishga tushiriladi.

Umumta’lim maktablari va akademik litseylarda huquqiy bilimlarga doir o‘quv mashg‘ulotlari ko‘lami yanada kengaytiriladi. Aholining kundalik hayotida ko‘p uchraydigan huquqiy masalalar yuzasidan savol-javob tarzidagi qo‘llanmalar tayyorlanib, xonadonlarga bepul tarqatiladi.

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga aholining huquqiy savodxonligini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun topshiriladigan «Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Hujjatda maktabgacha ta’lim muassasalarida «Bola huquqlari va majburiyatlari» mavzusidagi mashg‘ulotlarni malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘rgazmali tarzda tizimli joriy etish belgilandi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalarning huquqiy bilimlari uzluksiz va tizimli oshirib borilishini ta’minlash mexanizmi joriy etiladi, shuningdek, o‘quvchi va talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

1 martga qadar yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ayniqsa, ularning ongida korrupsiyaning jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun o‘ta salbiy illat ekanligini targ‘ib qilishga qaratilgan o‘quv materiallari tayyorlanadi.