O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari Hukumatlari o‘rtasida imzolangan «Yo‘l xaritasi» ijrosi doirasida «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari yakuniga yetkazilib, chegara va bojxona nazorati yangi binosi qurib foydalanishga topshirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu yangi binoni ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov, Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita rahbariyati ishtirok etishdi.

Mazkur yangi binoda fuqarolarning chegara va bojxona nazoratidan o‘tishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilgan. O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida sayyohlar uchun ham alohida yo‘laklar mavjud.

Ushbu binoning foydalanishga topshirilishi bilan «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti orqali fuqarolarni o‘tkazish imkoniyati yanada ortdi. Ya’ni, bir kunda 40 ming nafar fuqaroni harakatlanishi uchun imkoniyat yuzaga keldi.

Mazkur yangi binoda chegara hamda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan fuqarolar va O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar yaratilgan ushbu shart-sharoitlardan cheksiz mamnun ekanliklarini izhor etishdi.