Zeromax kompaniyasining sobiq ijrochi direktori Mirodil Jalolovga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartirildi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi.

«Ayni vaqtda Jinoyat kodeksining 167-(o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan Mirodil Jalolovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda», — deya qayd etdi «Gazeta.uz suhbatdoshi.

«Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbalarining ma’lum qilishicha, 8 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi ehtiyot chorasiga o‘zgartish kiritgan.

Sud Mirodil Jalolovni JKning 167-modda 3 qism «a» bandi (ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 228-modda 2-qism «a» va «b» bandlari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib) hamda 228-modda 3-qismi (hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish) bo‘yicha aybdor deb topdi.

Sud qarori bilan sudlanuvchiga 17,687 mln so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Mirodil Jalolov 2017 yil fevralida hibsga olingan edi.

Shveysariyada ro‘yxatga olingan Zeromax GmbH kompaniyasi O‘zbekistonda 2005 yilda o‘z faoliyatini boshlagan edi. Kompaniya O‘zbekiston iqtisodiyotining keng jabhalari, jumladan oziq-ovqat, to‘qimachilik va paxta sanoati, energetika va sport faoliyat yuritdi.

2010 yil oktyabrida Zeromax bankrotlik to‘g‘risida rasman e’lon qildi va kompaniya aktivlari davlat foydasiga musodara qilindi.