Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi er-xotin sayyohlarning (Germaniya va Italiya fuqarolari) yakshanba kuni elektron viza muddatlari bir va ikki kun o‘tib ketgani sababli Toshkentdan uchib keta olmagani munosabati bilan afsuslanish bildirdi. Mazkur muammo to‘g‘risida «Gazeta.uz» yozgan edi.

«O‘zbekiston prezidentining so‘nggi farmoniga ko‘ra yaqin kelajakda (1 fevraldan — tahr.) Germaniya, Italiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar fuqarolari respublikamizga tashrif buyurishlari uchun kirish vizasi talab qilinmasligi ma’lum bo‘lgan vaqtda ushbu hodisa sodir bo‘lganidan chuqur afsusdamiz», — deyiladi Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Qo‘mita prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil fevralida turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda aytgan so‘zlarini esga oldi: «Turist ichki ishlar organlari bo‘ylab emas, mamlakat bo‘ylab sayohat qilishi lozim. Sayyohga talab qo‘yish emas, uning uchun sharoitlar yaratish kerak».

«Afsuski, joriy normativ-huquqiy baza takomillashtirishni talab qiladi va juda ko‘plab masalalarda bugungi kun voqeligiga mos kelmaydi. Shuning uchun qabul qilingan «Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi"da kelgusi yetti yilda birinchi navbatda o‘tgan yili to‘plangan tajribalar, shuningdek boshqa mamlakatlar erishgan yutuqlarni hisobga olgan holda qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda xalqaro me’yor va standartlarni joriy etish vazifasi belgilangan», — deyiladi qo‘mita xabarida.

«Ko‘plab mamlakatlarda kirish vizasi sayohat qilinayotgan mamlakatga kirish huquqini taqdim etadi va vizaning amal qilish muddati tugashni boshlashi u olingan sanadan emas, balki chegarani kesib o‘tgandan boshlanadi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan mehmonlar ham ko‘p sayohat qilishgan, ular avtomat ravishda bizning respublikamizda ham xuddi shu tartib amalda deya taxmin qilishgan. Shu bilan birga, viza rejimini buzishda kam miqdordagi jarimalarni aeroportlarning o‘zidayoq undirib olish yoki shaxsiy ma’lumotlarni hech qanday jarimalarsiz tegishli bazaga kiritish amaliyoti keng tarqalgan», — deya ma’lum qildi Davlat turizm qo‘mitasi.

Qo‘mita ma’muriy ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga eng kam ish haqining 100 barobari (20,3 mln so‘m yoki 2400 dollar) miqdoridagi jarima o‘rniga huquqbuzarlik to‘g‘risida tilxat olish chorasi qo‘llangani uchun minnatdorchilik bildirdi. «Bu ham prezidentimiz boshchiligida sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar natija berayotgani, sudyalar har bir ishni sinchiklab o‘rganayotgani va adolatliroq qaror qabul qilishga intilayotganini tasdiqlaydi», deya qayd etdi qo‘mita.

Davlat turizm qo‘mitasi dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan mazkur vaziyat yuzasidan qonunchilik doirasida tezkor yordam bergan TIV, IIV va Chegara Qo‘shinlari vakillariga ham alohida minnatdorchilik bildirdi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda qonunchilikka bu kabi huquqbuzarliklarni dekriminalizatsiya qilish, jarimalar miqdorini kamaytirish va ularni bevosita chegaralarda undirish bo‘yicha o‘zgartishlar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan bo‘lib, tegishli organlarga ko‘rib chiqish taqdim etilgan. Bundan tashqari, elektron viza berish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha doimiy ish olib boriladi.

Er-xotin sayyohlarga ortga qaytish aviachiptalari taqdim etish hamda O‘zbekistonda bo‘lib turgan qo‘shimcha kunlardagi xarajatlarni qoplash ko‘rinishida moddiy va ma’naviy zarar o‘rnini to‘ldirish taklif qilingan. Biroq mehmonlar bunga hojat yo‘qligini ma’lum qilishgan, deya xabar berdi qo‘mita.

Shuningdek, qo‘mita muammoga e’tibor qaratgani uchun «Gazeta.uz"ga ham minnatdorchilik bildirdi.