12−13 yanvar kunlari Samarqandda birinchi Afg‘oniston ishtirokida tashqi ishlar vazirlarining «Hindiston — Markaziy Osiyo» muloqoti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda ushbu mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari — O‘zbekistondan Abdulaziz Kamilov, Hindistondan Sushma Svaraj, Qirg‘izistondan Chingiz Aydarbekov, Tojikistondan Sirojiddin Muxriddinov, Turkmanistondan Rashid Meredov hamda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Muxtar Tleuberdi ishtirok etadi. Muloqotda Afg‘oniston TIV rahbari Salaxuddin Sabboniy ham qatnashadi.

Ular o‘zaro savdo-sotiq hajmini oshirish, transport va logistikani rivojlantirish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi kabi yetakchi sohalarga investitsiyalar, texnologiyalarni jalb etishda hamkorlik qilish, shuningdek madaniyat, ilm-fan va ta’lim, turizm sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.