Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogi guruh bosqichi birinchi turi doirasida Ummon jamoasi ustidan g‘alaba qozondi. Chorshanba kuni BAAdagi «Sharja» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:1 hisobiga yakunlandi.

Hisobni Ektor Kuper shogirdlari ochdi. 34-daqiqada yarimhimoyachi Odil Ahmedov jarima to‘pini darvozaga aniq yo‘lladi.

Ikkinchi taymda hujumchi Muhsin al-Gassaniy (72') hisobni tenglashtirdi. O‘yin oxirida Marat Bikmayev o‘rniga tushgan Eldor Shomurodov 85-daqiqada «oq bo‘rilar"ni oldinga olib chiqdi. U o‘yinning ikkinchi yarmida maydonga tushgan Ikrom Aliboyev uzatgan to‘pni golga aylantirdi.

Himoyachi Yegor Krimets O‘zbekiston termasi jarima maydonchasi yaqinida raqibini qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi va qizil kartochka oldi (90+2').

F guruhining yana bir uchrashuvida Yaponiya Turkmaniston ustidan 3:2 hisobida ustun keldi.

13 yanvar kuni O‘zbekiston Turkmaniston, 17 yanvarda esa Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi.

Osiyo Kubogi 5 yanvardan 1 fevralga qadar Abu-Dabi, Dubay, Al-Ayn, Sharja shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

YouTube orqali ko‘rish